Korrupsiya bu — jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir. Mazkur illat demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi, bozorlar faoliyatiga to‘sqinlik qiladi, hayot sifatini yomonlashtiradi va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa hodisalar ildiz otib, gullashi uchun sharoit yaratib beradi. Ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, ushbu zararli hodisa katta va kichik, badavlat va kambag‘al bo‘lishidan qat’iy nazar, barcha mamlakatlarda uchraydi. Ushbu zararli illatni bartaraf etish bo‘yicha jahon hamjamiyati tomonidan bir qator samarali ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsada, hanuzgacha u bartaraf etilmayapti.
Biz quyida korrupsiyaning tarixiy ildizlariga va unga qarshi kurashish xususida fikr yuritmoqchimiz.
Korrupsiya (lot. Corrumpere — buzmoq) termini odatda mansabdor shaxslar tomonidan unga berilgan mansab vakolatlari va huquqlardan o‘zlarining shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab qonunchilik va ahloq qoidalariga zid ravishda foydalanishini anglatadi. Ko‘p hollarda bu atama siyosiy elitadagi byurokratik apparatga qarata ishlatiladi. Korrupsiya ko‘plab davlatlarning jinoyat va ma’muriy qonunchiligi bilan huquqqa qarshi harakat sifatida ta’qib qilinadi.
Korrupsiyaning tarixiy o‘zaklari juda qadimga borib taqalib, bu hol qabilada ma’lum mavqega ega bo‘lish uchun qabila sardorlariga sovg‘alar berish odatidan kelib chiqqan deb taxmin qilinadi. O‘sha davrlarda bu normal holat sifatida qabul qilingan. Biroq davlat apparatining murakkablashuvi va markaziylashuvi korrupsiyaning davlat rivojlanishiga katta to‘siq ekanligini ko‘rsatdi. Korrupsiyaga qarshi kurashgan birinchi davlat sifatida qadimgi Shumer davlati tan olinadi. Qadimgi davlatlarni ayniqsa huquqni muhofaza qiluvchi organlarning poraxo‘rligi qattiq tashvishga solganligi bizgacha saqlanib qolgan manbalardan ma’lum. Chunki bu holat davlatning obro‘siga juda qattiq putur yetkazardi. Dunyoning yetakchi dinlarida ham birinchi navbatda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning poraxo‘rligi qattiq qoralanadi. Jumaladan, Injilda “Sovg‘alarni qabul qilma, chunki sovg‘a ko‘rni ko‘radigan qiladi va haqiqatni o‘zgartiradi” deyilgan bo‘lsa, Qu’roni Karimda “Boshqalarning mulkini nohaq yo‘l bilan olmangiz va boshqalarga tegishli bo‘lgan narsalarni olish uchun o‘z mulkingizdan hokimlaringizga pora qilib uzatmangizlar” deyilgan.
XVIII asrning ikkinchi yarmiga kelib jamiyat davlat boshqaruv apparatining ish sifatiga toboro ko‘proq ta’sir ko‘rsata boshladi. Bu o‘sha davrda qabul qilingan bir qator qonun hujjatlarida o‘z aksini topgan. Jumladan, 1787-yilda qabul qilingan AQSh Konstitutsiyasida pora olish AQSh prezidentini impechmentga tortish mumkin bo‘lgan ikki jinoyatning biri sifatida ko‘rsatib o‘tilgan. Siyosiy partiyalarning vujudga kelishi va ularning mamlakat hayotidagi o‘rnining oshib borishi XIX-XX asrlarda rivojlangan davlatlarda korrupsiyaning dunyoning boshqa mamlakatlariga nisbatan ancha kamayishiga olib keldi. Ushbu illatni tadqiq qilgan bir qator yirik mutaxassislar quyidagi faktorlarni korrupsiyani yuzaga keltiruvchi omillar sifatida ko‘rsatadi. Ikki xil ma’noni anglatuvchi qonunlar — ushbu vaziyat huquqni qo‘llovchi mansabdor shaxs tomonidan qonunlarni turlicha qo‘llash imkonini yaratadi. Shuningdek, ayrim mutaxassislar jinoyat, ma’muriy qonunchilikdagi “vilka” sanksiyalarni ham korrupsiyaga qulay sharoit yaratishi mumkinligi haqida fikr yuritishgan. Ya’ni, sanksiyaning aniq miqdori yo‘qligi sudyada uni o‘z hohishiga qarab qo‘llashga sharoit yaratib beradi. Aholi huquqiy savodxonligining pastligi — aholi tomonidan qonunlarni bilmaslik yoki tushunmaslik mansabdor shaxsga o‘zining shaxsiy manfaati yo‘lida qonunlardan foydanishga qulay sharoit yaratadi.
Mamlakatdagi siyosiy vaziyatning notinchligi — mamlakatdagi notinchlik birinchi navbatda aholi ongida hayotda yuksak turmush darajasiga erishishning asosiy usuli qonunga xilof faoliyat bilan bog‘liq, degan mutlaqo axloqqa zid nuqtai nazar shakllanishiga olib keladi. Bu esa o‘z navbatida korrupsiyaga qulay sharoit yaratadi. Ijro hokimiyatining birligi tamoyilinining buzilishi — aynan bitta faoliyatning turli instansiyalar tomonidan tartibga solinishi: aholining davlatni nazorat qilishdagi sust ishtiroki; davlat sektoridagi xizmat qilayotgan xizmatchilar daromadlarining xususiy sektorda topish mumkin bo‘lgan daromadlardan kamligi; iqtisodiyotning davlat tomonidan tartibga solinishi; inflyasiyaning yuqori darajasi; mamlakat yuqori boshqaruv organlarining aholidan uzilib qolganligi; mamlakatdagi diniy va axloq qoidalari. Jahon mamlakatlarida korrupsiyaga qarshi kurashning quyidagi usullari mavjud. Ichki nazorat —bu usul boshqaruv apparatining o‘zida nazoratni kuchaytiruvchi tuzilmalar (har xil ichki inspeksiyalar va boshqa nazorat organlari tuzish orqali) yaratishni taqazo etadi. Bu tuzilmaning asosiy vazifasi xodimlarning ichki etiket qoidalariga rioya qilishini nazorat qilishdir. Hozirgi kunda bizning yurtimizda ham bir qator huquqni muhofaza qilish organlarida aynan shu vazifani bajaruvchi ichki tuzilmalar yaratilgan. Tashqi nazorat — bu usulda ijro apparatidan mustaqil tuzilmalarning mustaqilligini oshirish nazarda tutilib, aynan ushbu tuzilmalar orqali korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib boriladi. Ya’ni, sud hokimiyatining maksimal darajada mustaqilligiga erishish ommaviy axborot vositalariga ko‘proq erkinlik berish va h.k. Saylov tizimi orqali kurashish — demokratik davlatlarda saylangan vakillarni korrupsiya uchun jazolashning asosiy usullaridan biri keyingi saylovlarda unga ovoz bermaslik hisoblanadi. Korrupsiyaga saylovlar orqali ta’sir o‘tkazish eng samarali usul hisoblanadi. Korrupsiyaga qarshi kurashda yuqori natijalarga erishgan Shvetsiya, Singapur, Gonkong, Portugaliya kabi davlatlarning tajribasini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, korrupsiyani yuzaga keltiruvchi omillarni bartaraf etish korrupsiyaga qarshi kurashda muhim o‘rin egallaydi. Bunda Konstitutsiyaviy nazorat organlari, huquq-tartibot organlarining ahamiyati ortadi. Ya’ni, korrupsiyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan normalarni konstitutsiyaviy nazorat organi tomonidan konstitutsiyaga zid deb topish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish kabi metodlardan unumli foydalanish ushbu davlatlarni korrupsiya darajasi juda past bo‘lgan davlatlar qatoriga olib chiqqan.