O‘zbekistonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ovoz berish jarayoni bo’lib o’tmoqda

Davlat rahbari Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 59-saylov uchastkasiga oila a’zolari bilan birga tashrif buyurib, saylovda ovoz berishda ishtirok etdi.

Xabarda aytilishicha, prezident saylov uchastkasiga kelgan odamlar bilan suhbatlashdi. O‘z yurti va yashayotgan hududi taqdiriga daxldorligini his qilib, saylovlarda faol qatnashayotgan fuqarolarga minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekistonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ovoz berish jarayoni 11 ming 28 ta saylov uchastkalarida soat 08:00 da boshlandi vu soat 20:00 gacha o‘tkaziladi

Markaziy saylov komissiyasi bergan ma’lumotga ko‘ra, bu yilgi saylovlarda Saylov jarayonini boshqarishning avtomatlashgan tizimidagi Saylovchilarning elektron ro‘yxatiga O‘zbekistondagi 19 million 944 ming 859 nafar saylovchi kiritilgan. Bundan tashqari, chet ellardagi saylovchilar 165 ming 631 nafarni tashkil etdi.

40 ta xorijiy davlatdagi O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalarida 57 ta saylov uchastkalari tashkil etilgan. Xorijdagi saylov jarayonlarining dastlabkisi Yaponiya va Koreya Respublikasidagi diplomatik vakolatxonalarida Toshkent vaqti bilan soat 04:00 da boshlandi. Ovoz berish jarayonlarining so‘ngisi AQSHdagi vakolatxonalarda Toshkent vaqti bilan 28-oktyabr soat 05:00 da yakunlanadi.

Bu yilgi saylovlar yangilangan Konstitutsiya va milliy saylov  qonunchiligiga binoan, aralash saylov (majoritar-proporsionaltizimi asosida o‘tkazilmoqda. Bu tizim Qonunchilik palatasi deputatlarining 75 tasini bir mandatli saylov okruglaridan majoritar saylov tizimi bo‘yicha, qolgan 75 tasini esa partiya ro‘yxati bo‘yicha proporsional saylov tizimi orqali saylash imkonini beradi.

“Mening tanlovim — obod Vatanim!” shiori ostida o‘tayotgan saylovlarda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan beshta siyosiy partiya va ular tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar raqobatga kirishgan.

Bular:

  • Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi;
  • O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi;
  • O‘zbekiston Ekologik partiyasi;
  • O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi;
  • O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi.